11-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidentining yordamchisi Saida Mirziyoyeva Qozog‘iston Respublikasi prezidentining ichki siyosat va kommunikatsiyalar bo‘yicha yordamchisi Ruslan Jeldibay bilan uchrashdi. Ularning muzokaralari «Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik g‘oyalari» mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya doirasida bo‘lib o‘tdi.
Ikki qoʻshni davlat rahbarlarining yordamchilari jadidlarning Markaziy Osiyo mintaqasi rivojiga ta’sirini muhokama qildilar. Bundan tashqari, turli yo‘nalishlarda bo‘lajak qo‘shma loyihalar ko‘rib chiqildi.
Avvalroq, Mirziyoyeva mazkur tadbirda so‘zga chiqib, o‘zbek alifbosi va bu boradagi islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, alifbo islohoti ko‘p kuch talab etishiga qaramay, «muammoga chek qo‘yish» zarur, chunki bu noaniqliklar O‘zbekiston Respublikasi nomining noto‘g‘ri yozilishiga olib keladi.
Avvalroq, «Kursiv» davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev anjumanda Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan bugungi islohotlar jadidlar gʻoya va tamoyillari bilan hamohang ekanini taʼkidlagan, deb xabar bergan edi.