Mutaxassislar O‘zbekiston iqtisodiyotining turli sohalarida ish haqining oshishini aniqladilar. Eng yuqori ko‘rsatkichlar moliya (167,5%), IT (91,0%), sog‘liqni saqlash (44,2%) va logistika (40,0%) tarmoqlarida qayd etildi. Eng kam o‘sish savdo (0,2%), qurilish (16,0%) va san’at (17,1%) ko‘rsatdi. Umuman olganda, real ish haqi 2016-yil narxlariga nisbatan 52,6%ga oshdi. Ma’lumotlar Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) tomonidan e’lon qilindi.
Raqamlashtirishning jadal rivojlanishi va bozor sharoitlarini hisobga olgan holda, MHTI mutaxassislari moliya, IT va logistika kabi yo‘nalishlarda o‘qitishni taklif etuvchi 45 ta o‘quv markazlarini tahlil qilishdi. Kurslarning o‘rtacha davomiyligi 1-oydan 6,5-oygacha, narxi esa oyiga 1 mln so‘mdan 2,3 mln so‘mgacha. Ekspertlarning xulosasiga ko’ra, bunday o’quv xarajatlari bir necha oy ichida o’zini oqlaydi.
«Mehnat bozorida talab yuqori bo’lgan kasblarni tezkorlik bilan egallash va buning uchun o’quv kurslarida tahsil olish turmush sharoitini yaxshilashdagi eng muhim omil bo’lishi mumkin. Bunda davlat tomonidan o’quv kurslari uchun subsidiyalar va imtiyozli kreditlarning ajratilishi masalaning yarmini hal qiladi, lekin shu bilan birga har bir inson kasb va sohani tanlashda imkoniyatlarning kengligini anglashi va ko’zlangan maqsad sari intilishi darkor. Bu jarayonda uni atrofidagi hamkasblari va oila-a’zolarining qo’llab-quvvatlashi ham muhim ahamiyatga ega», – deya xulosa qildi ekspertlar.
Avvalroq, «Kursiv» O‘zbekistonda maosh va pensiyalar oshiriladi, deb xabar bergan edi.