YeTTB Markaziy Osiyodagi yoshlar biznesi uchun 200 mln yevro ajratadi
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) Markaziy Osiyoda «Biznesda yoshlar» dasturini ishga tushirmoqda. Loyiha taqdimoti bir kun avval Toshkentda bo‘lib o‘tdi.
Yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash dasturi yetti yilga moʻljallangan boʻlib, moliyalashtirish hajmi 200 mln yevroni tashkil etadi. Loyihaning maqsadlaridan biri 18-yoshdan 34-yoshgacha bo‘lgan aholining uchdan bir qismini tashkil etuvchi mintaqadagi yosh tadbirkorlarni moliyalashtirish va tegishli treninglardan foydalanish imkonini berishdir.
YeTTBning moliya institutlari departamenti direktori Frensis Malij ta’kidlaganidek, ushbu dastur tugʻilish koʻrsatkichi yuqori bo‘lgan mamlakatlarda, xususan, Bolqon davlatlarida va Misrda allaqachon amalga oshirilib bormoqda.
«Biz uchun o‘z muammolari va g‘oyalari bilan o‘rtoqlasha oladigan va ularni birgalikda hal eta oladigan yosh tadbirkorlar hamjamiyatini yaratish juda muhim», — ta’kidladi Malij.
«Markaziy Osiyoda “Biznesda yoshlar» dasturi 35 yoshgacha bo‘lgan yoshlar rahbarlik qiladigan yoki egalik qiladigan mikro, kichik va o‘rta korxonalar (MKO‘K) uchun mo‘ljallangan.
Loyihada Markaziy Osiyo va Mo‘g‘ulistondan 20 tagacha hamkor moliya institutlari ishtirok etadi, ular keyinchalik kreditlash uchun moliyalashtiriladi. Loyihaning Toshkentdagi taqdimotida Hamkorbank bilan 10 mln dollar, Shinhan Bank Qozog‘iston bilan 8 mln dollar, Transcapital (Mo‘g‘uliston) mikrokreditor bilan 4 mln dollar va Qozog‘istonning Arnur Credit mikromoliya tashkiloti bilan 2 mln dollarlik dastlabki kredit shartnomalari imzolandi.
YeTTBning Markaziy Osiyo boʻyicha boshqaruvchi direktori Jujanna Hargitay ta’kidlaganidek, yosh ishbilarmonlarning asosiy muammolaridan biri banklardan qoʻshimcha moliyalashtirish uchun zarur kredit tarixiga ega emasligidir. O‘zbekistondagi yosh tadbirkorlarning katta qismi bankda hisob raqamiga ham ega emas. Endilikda, YeTTB ma’lumotlariga koʻra, Oʻzbekistondagi yosh tadbirkorlarning 69% bank hisob raqamiga ega.
Jujanna Hargitay YeTTB hamkor banklar bilan hamkorlik qilishini va yoshlar biznesiga texnik yordam ko‘rsatishini ta’kidladi. Ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Shu maqsadda YeTTBning «Kichik korxonalar uchun maslahatlar» loyihasi doirasida maxsus mentorlik dasturlari faoliyat yuritadi.
YeTTB sarmoyasi inklyuziv kreditlash va yoshlar tadbirkorligini rag‘batlantirish uchun 30 mln yevrogacha bo‘lgan grantlar va imtiyozli qo‘shma moliyalashtirish bilan to‘ldiriladi.
Avvalroq, «Kursiv» YeTTB Hamkorbank’ga 50 mln dollar miqdorida kredit ajratishini yozgan edi.Mablag‘lar kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.