Rossiyaning «Kinokampus Gorkogo» studiyasi Moskva maktab o‘quvchilari o‘rtasida videokontent tanlovini o‘tkazadi. Uning g‘oliblari Toshkentga kelishlari mumkin bo‘ladi. O‘zbekiston poytaxtida o‘smirlar film suratga oladi va «O‘zbekfilm»ga tashrif buyuradi, deb xabar berdi «TASS» agentligi.
«2024-yil fevral oyida poytaxtlik maktab o‘quvchilari “O‘zbekfilm» kinostudiyasiga borib, S.Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya universitetining (VGIK) Toshkentdagi xorijiy filialiga tashrif buyurishadi. Sayohat 2024-yildagi ilk xalqaro kinoekspeditsiyalardan biri bo‘ladi”, — dedi Gorkiy kinokampusi matbuot xizmati vakili.
Uning qo‘shimcha qilishicha, tanlov g‘oliblari Toshkentda ham film suratga olishlari mumkin. Sayohat oldidan ular rejissyorlik va ssenariynavislik bo‘yicha mashg‘ulotlarda qatnashadi, kinoekspeditsiya davomida esa aktyorlik va operatorlik mahorati bo‘yicha mahorat darslari tashkil etiladi.
13 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan moskvalik o‘smirlar o‘rtasidagi tanlov Gorkiy kino kampusining veb-saytida o‘tkaziladi. Badiiy va hujjatli qisqa metrajli filmlar, video-art, animatsiya, reklama va taqdimot videolarini taqdim etish mumkin.
2024-yilda O‘zbekistondan tashqari o‘quvchilari Qozog‘iston, Armaniston va Turkiyaga tashrif buyurishi kutilmoqda.
Avvalroq, «Kursiv» Moskva O‘zbekistonga o‘yinlar ishlab chiqish va filmlar suratga olishda yordam berishga tayyorligi haqida xabar bergan edi.