Yangiliklar

O‘zbekistonda Cinema Park erkin iqtisodiy kino zonasi tashkil etiladi

Shuningdek, teleseriallar ishlab chiqarish bo‘yicha milliy konsepsiya ishlab chiqiladi.
Foto: O‘zR prezidentining matbuot xizmati

O‘zbekistonda «Milliy seriallar ishlab chiqarish konsepsiyasi» paydo bo‘ladi. Bu haqda davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashi yig‘ilishida ma’lum qildi.

Konsepsiyada aktyorlar, dramaturglar, rejissyorlar va boshqa ijodkorlarning mehnat sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari belgilab olinadi.

«Savol tug‘iladi: xalqimiz televizorni eng ko‘p ko‘radigan paytlarda, yaʼni, “praym-taym» vaqtida xorijiy seriallarga katta o‘rin berayotganimiz qanchalik to‘g‘ri? Bu oldimizga kechiktirib bo‘lmaydigan dolzarb vazifalarni qo‘ymoqda. Jumladan, milliy seriallar ishlab chiqarish bo‘yicha mavjud tizimni tubdan isloh etish, bu yo‘nalishda ijodkorlarimizni qo‘llab-quvvatlash lozim”, – dedi prezident.

Bundan tashqari, Cinema Park erkin iqtisodiy zona (EIZ ) tashkil etiladi. Vazirlar Mahkamasi EIZ uchun 50 gektar yer ajratish bo‘yicha taklif kiritishi kerak. Cinema Park Toshkent viloyati hududida davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etiladi.

Davlatimiz rahbari, shuningdek, Buxoro, Samarqand va Toshkent viloyatlari hokimlariga mazkur hududlarda EIZlari tashkil etish bo‘yicha loyihalarni boshlash bo‘yicha topshiriq berdi.

Mirziyoyev atoqli oʻzbek shaxslarining tarjimai holi asosida koʻp qismli animatsion filmlar suratga olish zarurligini taʼkidladi.