Yangiliklar

O‘zbekistonlik restavratorlar Yevropadagi eng qadimiy kutubxonalardan birida amaliyot o‘taydi

Ular qo‘lyozmalarni restavratsiya va konservatsiya qilish usullari bilan tanishtiriladi
Foto: Dunyo

O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Ravshan Usmonov Oksford universiteti qoshidagi Bodli kutubxonasiga tashrif buyurdi. U yerda qadimiy qo‘lyozmalar bilan tanishdi va kitob fondi to‘plamlari rahbari Nikolos Kontavas bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar beradi «Dunyo» axborot agentligi.

Kutubxonada O‘zbekiston uchun muhim bo‘lgan qator qo‘lyozmalar saqlanadi. Jumladan: Alisher Navoiyning «Sadd-i Iskandar» va «Sabʼa-yi sayyora», Sulton Husayn Boyqaroning «Divon-i Husayniy», Ahmad Termiziyning «Fununu l-balaʼa». Britaniya tomoni ushbu qo‘lyozmalarni respublika ko‘rgazmalarida namoyish etish uchun ijaraga berish masalasini muhokama qilmoqchi.

Bundan tashqari, kutubxona o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun amaliyot o‘tashga tayyorligini bildirdi. Ular qo‘lyozmalarni restavratsiya va konservatsiya qilish usullarini o‘rganadilar. 2024-yilda O‘zbekistonning tegishli idoralari xodimlari uchun o‘quv seminari o‘tkaziladi.

Bodli kutubxonasi Yevropadagi eng qadimiy kutubxonalardan biri va Buyuk Britaniyadagi ikkinchi eng katta kitob kolleksiyasidir. U yerda 13 milliondan ortiq kitob, qoʻlyozma va arxiv hujjatlari saqlanadi.

«Kursiv» avvalroq O‘zbekiston olimlari Eronga amaliyot o‘tash uchun yuborilishi haqida yozgan edi.