Yangiliklar

Aprel oyida AI-80 va metan narxi oshadi

Aksiz solig'i oshishi tufayli
Foto: IgorVetushko/www.depositphotos.com

Joriy yilning aprel oyida mamlakat Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlar natijasida AI-80 benzini va metan narxi oshadi.

AI-80 va undan yuqori rusumli benzinga aksiz solig‘i bir tonna uchun 12%ga oshirilib, 303 ming so‘mdan 340 ming so‘mgacha ko‘tariladi. Ushbu chora natijasida AI-80 narxi 1%ga oshadi, ya‘ni litri taxminan 88 so‘mga. AI-91 va undan yuqori bo‘lgan benzin turlari uchun stavka o‘zgarmaydi.

Suyultirilgan gaz uchun aksiz soligʻi 1 tonna uchun 807,5 ming soʻmdan 904 ming soʻmga, siqilgan gaz uchun esa 1 kubometr uchun 605 soʻmdan 678 soʻmgacha oshiriladi. Natijada metan narxi 3%ga yoki 84 so‘mga ko‘tariladi.

Aksiz solig‘ini oshirish to‘g‘risidagi qaror inson salomatligi va atrof-muhitga zararli ta’sirlarni kamaytirish uchun qabul qilindi.

Avvalroq, «Kursiv» 1-yanvarda AI-80 benziniga nol aksiz solig‘i stavkasining imtiyozli muddati tugaganini yozgan edi. Endilikda UNG Petro yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ida AI-80 ning litri 6,8 ming so‘mdan sotilmoqda.