Toshkentda “Qo‘yliq” bozori rekonstruksiya qilinadi
Toshkent qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ulgurji bozori («Qoʻyliq») hududini rekonstruksiya qilish rejalashtirilmoqda, deb xabar qildi poytaxt hokimligi matbuot xizmati.
«Bozorga olib kelinayotgan mahsulotlar bozor hududiga sig‘may, atrofidagi hududlarda, shu jumladan Chirchiq kanali bo‘yida tartibsiz savdo amalga oshirilayotganligi hamda bozor hududiga kuniga 600 dan ortiq yuk mashinalari kirib-chiqishi avtomobil yo’llarining tirbandligiga asosiy sabab bo‘lmoqda va aholiga jiddiy noqulayliklar yaratmoqda» — deb tushuntirdi shahar hokimligi.
Rekonstruksiya jarayonida savdoni «Food City» va «Toshkent Index» savdo markazlari hududiga ko‘chirish taklif qilinmoqda. Bunda sotuvchilarning tovarlari va boshqa mol-mulkini tashish bilan bog‘liq xarajatlar qoplanadi. Shuningdek, tadbirkorlar savdo majmualaridagi do‘konlarni uch oyga ijara puli to‘lashdan ozod qilinadi.
Qo‘yliq massividan bozorgacha boʻlgan yoʻnalish boʻylab aholi uchun 10 ta bepul avtobus yoʻlga qoʻyilgan.
2021-yil oxirida «Qo‘yliq» bozori Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanida joylashgan «Food City» savdo markaziga ko‘chirilishi haqida xabar berilgan edi. O‘shanda tadbirkorlar boshqa joyga ko‘chirishda yordam so‘ragani qayd etilgan.