Yamanning husiylarining Qizil dengizdagi kemalarga hujumi xalqaro yuk tashishning qariyb 20%ga ta’sir qildi va 40 dan ortiq davlat manfaatlariga tahdid solmoqda, dedi AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken.
«Ushbu hujumlar 40 dan ortiq mamlakatlardagi fuqarolarga, yuk va tijorat manfaatlariga bevosita taʼsir koʻrsatib, jahon dengiz yuk tashuvining deyarli 20%ni buzishgan yoki boshqa manzilga yoʻnaltirishgan (…). Tovarlar kerakli manzilga yetib borishi uchun ko‘proq vaqt kerak bo‘ladi», dedi Blinken Qatar bosh vaziri Muhammad bin Abdul Rahmon Al Tani bilan bo‘lib o‘tgan qo‘shma konferensiyada. Davlat kotibi so‘zlaridan TASS agentligi iqtibos keltirgan.
AQSH Davlat kotibining qoʻshimcha qilishicha, husiylarning hujumlari natijasida yuk tashish narxi oshib, qoʻshimcha xarajatlar isteʼmolchilar yelkasiga tushmoqda.
Blinkenning aytishicha, Qizil dengizdagi kemalarni himoya qilish uchun yigirmadan ortiq davlat «Prosperity Guardian» operatsiyasiga qo‘shilgan.
Yuk tashish kemalariga qilingan hujumlar Isroil va Falastinning HAMAS guruhi o’rtasidagi mojaro bilan bog’liq. O‘tgan yilning noyabr oyi o‘rtalaridan boshlab Yaman husiylari Isroil bilan aloqador deb hisoblagan bir nechta kemalarni o‘qqa tutdi.
Avvalroq, «Kursiv» bu holat jahon neft narxiga qanday ta’sir qilganini yozgan edi.