Dunyo boʻylab Boeing 737 Max samolyotlarining parvozi toʻxtatilmoqda
Dunyodagi koʻplab aviakompaniyalar Boeing 737 Max 9 samolyotidan foydalanishni vaqtincha toʻxtatmoqda. Bu haqida Deutsche Welle nashri xabar berdi.
Jumladan, Turkish Airlines, Aeromexico va Panamaning Copa Airlines aviakompaniyalari bu turdagi samolyotlardan foydalanishni toʻxtatgan.
Avvalroq, AQSH fuqarolik aviatsiyasi federal boshqarmasi Amerika hududida undan foydalanishni vaqtincha toʻxtatgan edi. Bunga Alaska Airlines layneri qoplamasining bir qismi ajralib tushgani sabab boʻlgan.
Yuz bergan hodisa oqibatida bir nechta yoʻlovchi jarohatlangan. Bu vaqtda havo kemasidan foydalana boshlanganiga bor-yoʻgʻi sakkiz hafta boʻlgan edi.
Eslatib oʻtamiz, 2019-yilda Efiopiya va Indoneziyada MAX avialaynerlari ishtirokida yuz bergan ikki halokat natijasida bu turdagi samolyotlardan foydalanish dunyo boʻylab besh oyga toʻxtatib qoʻyilgan edi.