Oʻzbekistonning oltin-valyuta zaxirasi dekabr oyida qariyb 1,7 milliard dollarga oshdi. 2024-yilning 1-yanvar holatiga koʻra, mamlakatning rasmiy zaxira aktivlari qiymati 34,56 milliard dollarni tashkil qilmoqda. Bu haqida Oʻzbekiston Markaziy banki maʼlum qildi.
Mamlakatning oltin zaxirasi dekabr oyida 906 million dollarga oshgan va ayni vaqtda 24,6 milliard dollarlik koʻrsatkichni qayd etgan. Oltinning sof hajmi 0,3 million troy unsiyaga oshgan holda umumiy hisobda 11,9 million troy unsiyani tashkil qilgan. Zaxiraning qolgan qismi xorijiy valyutadan (9,4 milliard dollar) iborat.
Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yilning oktyabr oyida oltin-valyuta zaxiralari soʻnggi 6 oylik vaqt ichida ketma-ket kamayishdan keyin ilk marta oshgan edi. Noyabr oyida zaxira aktivlari xajmi 8 million dollarga kamaygan. 2023-yil 1-dekabr holatiga koʻra, zaxira aktivlari hajmi 32,9 milliard dollarlik koʻrsatkichni qayd etgan.