Turkiyada Azon Global tahliliy portaliga asos solgan O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olindi
Azon Global axborot-tahliliy portali asoschisi, Mubashshir Ahmad nomi bilan tanilgan Alisher Tursunov Turkiyada qo‘lga olindi. Bu haqda Azon Global saytida xabar berildi.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari o‘tgan yilning 28- dekabr kuni O‘zbekiston fuqarosini gumondor sifatida qo‘lga oldi. Xabarda mualliflar tushunmovchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik uchun voqea haqida keng jamoatchilikka xabar bermaganliklarini ta’kidlagan.
«Undan keyin, Ustoz Mubashshir Ahmadga qo‘yilayotgan ayblovlar umuman asossiz ekani, bu hol dastlabki surishtiruvdayoq aniqlanishiga va ustozni qo‘yib yuborilishiga qatʼiy ishonch bor edi. Ammo, afsuski, vaziyat unday bo‘lib chiqmadi» – mualliflar yozdi.
Turkiya qonunchiligiga ko‘ra, gumonlanuvchi uch kundan ortiq ushlab turilmaydi. Agar bu muddat ichida uning aybi isbotlanmasa, ish Adliya vazirligiga o‘tkazilishi kerak. Agar dalil bo‘lmasa, gumondor ozod qilinishi kerak. Ba’zan xorijliklarni qaytarib yuborishsa (deportatsiya) markazlariga olib ketiladi va u yerdan o‘z vataniga qaytariladi yoki qo‘yib yuboriladi. Dastlabki tergov natijasida Alisher Tursunovga qo‘yilgan ayblov dalil topilmadi.
«Qaytarib yuborish (deportatsiya) markazlariga o‘tkazilgan domlani oradan shuncha kun o‘tib ham tutib turishgani tushunarsiz bo‘lib qolmoqda. Albatta, bu hodisa sodir bo‘lgan kunidanoq advokatlar harakatlarini boshlashgan va boshqa barcha kerakli chora tadbirlar ko‘rilmoqda»- deb izoh berishdi mualliflar.