Rossiyada sodir bo‘lgan avtohalokatda o‘zbekistonliklar halok bo‘lishdi
Penza viloyatining Nijnelomovskiy tumanida sodir bo‘lgan avtohalokatda YAC M3 mikroavtobusida O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan. Bu haqda Nijnelomovskiy tumanlararo prokurori Andrey Yarosh ma‘lum qildi.
Yo‘l-transport hodisasi soat 02:10 da 42-yoshli haydovchi boshqaruvidagi xorijiy davlat avtonomerlariga ega JAC M3 mikroavtobusi qarama-qarshi harakatga chiqib ketib, Penza davlat nomerlariga ega Volvo og‘ir yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketganida sodir bo‘lgan.
Hodisa oqibatida yetti kishi, jumladan mikroavtobus haydovchisi tez yordam yetib kelguniga qadar halok bo‘lgan. Yana ikki kishi jarohat olib, shifoxonaga yetkazilgan.
Mazkur fakt asosida Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 238-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Avvalroq, «Kursiv» Toshkent aeroportida avtobus samolyotga urilib ketgan, deb xabar bergan edi.