Janubiy Koreyada NASA muqobili tashkil etildi
Janubiy Koreya parlamenti 9-yanvar kuni Koreya aerokosmik boshqarmasi (KASA) ni tashkil etish toʻgʻrisida qonun qabul qildi, deb xabar bermoqda «The Korea Times» nashri.
Fan va axborot texnologiyalari vazirligi tasarrufidagi yangi tashkilot oʻz faoliyatini may oyidan boshlaydi.
«KASAning tashkil etilishi aerokosmik sanoatni faollashtirish hisobiga mamlakatni kosmik derjavaga aylantirish yoʻlidagi yirik qadam boʻladi, bu esa Koreyaning turgʻun holatdagi iqtisodiyoti uchun rivojlanishning yangi dvigateli vazifasini oʻtaydi», – dedi Fan va axborot texnologiyalari vaziri Li Chon Xo.
Uning taʼkidlashicha, Seul 2032-yilda Oyga qoʻnish, 2045-yilda esa Mars sayyorasini oʻrganishni rejalashtiryapti. Bundan tashqari, KASA Janubiy Koreyaning aerokosmik bozordagi ishtirokini oshirish uchun xizmat qiladi.
Eslatib oʻtamiz, Shimoliy Koreyada kosmik dasturni rivojlantirish uchun masʼul boʻlgan Aerokosmik texnologiyalar milliy boshqarmasi (NATA) mavjud boʻlib, unga 2013-yilning aprel oyida asos solingan.