Yaman husiylariga aviahujumlar uyushtirilganidan keyin neft narxi 2 foizga oshdi
Yamandagi vaziyatning jiddiylashishi ortidan Brent va West Texas Intermediate nefti narxi 2 va 2,1 foizga oshdi. Bu haqida Reuters agentligi maʼlum qildi.
Endilikda Brent neftining bir barreli narxi $78,94, West Texas Intermediate neftining bir barreli narxi esa $73,55 ga teng. Asosiy koʻrsatkichlar qiymati bir kun ichida 1 foizga koʻtarilgan.
Eslatib oʻtamiz, AQSH va Britaniya husiylarga qarshi ularning Qizil dengizdagi hujumlariga javob tariqasida 12-yanvarga oʻtar kechasi aviahujum uyushtirgan edilar. Husiylarning Qizil dengizdagi hujumlari sabab koʻplab logistika kompaniyalari dengiz boʻylab olib oʻtiladigan yuklarning yoʻnalishini oʻzgartirishga majbur boʻlgandilar.
Bu esa yoqilgʻi narxining koʻtarilishi va logistika xizmatlarining qimmatlashishiga olib kelgan.
Avvalroq, «Kursiv» Yaman husiylarining hujumlari dengiz boʻylab yetkazmalarning 20 foiziga taʼsir qilgani haqida yozgandi.