Ombudsman mahkumlarga 186 mln so’m to’lashga yordam berdi
Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumanida Ombudsman vakili mahkumlarga to‘lanmagan maoshning bir qismini qaytarishga yordam berdi.
27-sonli koloniyadagi mahkumlar ularga oylik berilmayotganidan shikoyat qilishdi. Shu munosabat bilan muassasaga Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining Qoraqalpog‘iston bo‘yicha vakili tashrif buyurdi. Ombudsman vakili tomonidan mahkumlar shartnoma asosida ishlayotgan uchta korxonada ish joylari va yashash sharoitlari o‘rganildi. Ma’lum bo‘lishicha, mehnat sharoitlari talabga javob bermagan, 100 dan ortiq mahkumga ish haqi to‘lanmagan.
Aniqlangan holatlarni bartaraf etish uchun hujjatlar Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazolarni ijro etish departamentiga yuborildi. Natijada ikki korxona tomonidan 2023-yil avgust-sentabr oylari uchun sudlangan shaxslarga 186 mln so‘mdan ortiq pul to‘langan.
Bundan tashqari, korxonalardan birining hududida mahkumlarning yashash sharoiti yaxshilandi. Boshqalar bilan tuzilgan shartnomalar koloniya tomonidan bekor qilindi.
Korxonalardan ish haqi undirish ishlari davom etmoqda.