Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonda kredit stavkalarini kamida 2-3 foizga tushirish muhim ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladi.
Davlat rahbari banklar resurs yoʻqligi sabab kredit foizi yuqori deyishga oʻrganib qolgani, vaholanki muammoli kreditlarni undirishni oʻzidan 25 trillion soʻmlik kreditga resurs topish mumkinligini qayd etdi.
Maʼlum boʻlishicha, Jizzax, Surxondaryo va Sirdaryoda muammoli kreditlar ulushi 10 foizga koʻtarilgan.
Shavkat Mirziyoyev 9 trillion soʻm kreditlar hisobiga ishga tushgan 2 ming 342 ta loyiha past quvvatda ishlayotganini taʼkidlab, hokimlar va tarmoq rahbarlarini ularning muammolarini hal qilishga koʻmaklashmayotganligi uchun tanqid qildi.
Prezident bundan buyon Savdo-sanoat palatasi va Biznes-ombudsman kredit olgan korxonalarning toʻliq quvvatda ishlab ketishiga yordam berishini taʼkidladi. Shunga koʻra, hokimlar va banklar kredit berishdan oldin loyiha qancha ish oʻrni yaratishi, byudjetga qancha tushum boʻlishini hisoblab chiqadi va ularning samarasi uchun shaxsan javob beradi.