Yangiliklar

Oʻzbekiston kurortlari hududida savdo komplekslari ochiladi

Foto: Unsplash

«Zomin», «Chimyon», «Amirsoy» kabi kurort hududlarida boj olinmaydigan savdo komplekslari barpo etiladi. Bu boʻyicha prezident farmoni qabul qilindi.

Shuningdek, kurortlar hududida xalqaro brendlardan mahsulotlar sotiladigan savdo nuqtalari ish boshlaydi.

Endilikda nafaqaxoʻrlar, yoshlar va imkoniyati cheklangan fuqarolar «Zomin»ga imtiyozli tariflar asosida parvoz qilish imkoniyatiga ega boʻladilar. Maʼlumotlarga koʻra, imtiyozlar byudjet hisobidan taqdim etiladi.

Milliy zargarlik mahsulotlari sotiladigan doʻkonlarga quyma oltin va esdalik tangalarini sotuvchi savdo avtomatlari oʻrnatiladi.

Bundan tashqari, tadbirkorlar 2024-yilning mart oyidan 2026-yilning bahor fasli boshigacha turistik markazlardagi zargarlik buyumlari doʻkonlari uchun uskunalarni boj toʻlamasdan olib kirish imkoniyatiga ega boʻladilar.

Taʼkidlanishicha, hududga Oʻzbekistonda muqobili ishlab chiqarilmaydigan texnika vositalarinigina boj toʻlamasdan olib kirish mumkin.

Avvalroq, «Kursiv» mamlakatimizda «Oʻzbekistonda yana bir kun» dasturi amalga oshirilishi haqida yozgandi.