Yangiliklar

Shavkat Mirziyoyev: Iqtisodiyotni faqat ichki bozor hisobiga rivojlantirib boʻlmaydi

Prezident yalpi ichki mahsulotni oshirish uchun xorijdan investitsiyalarni faol jalb qilish kerakligini taʼkidladi.
Foto: OʻzR Prezidenti matbuot xizmati

Ayni vaqtda Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida eksport, investitsiya va mahalliy sanoatda 2024-yilda turgan vazifalar boʻyicha yigʻilish boʻlib oʻtmoqda.

Davlat rahbari yalpi ichki mahsulotni oshirishning yagona yoʻli – xorijdan investitsiyalarni faol jalb qilish va eksportni koʻpaytirish ekanligini taʼkidladi. Prezident shuningdek, YaIMni oshirish boʻyicha yirik natijalarni ichki bozorning oʻzi bilan qoʻlga kiritish imkonsiz ekanligini qayd etdi.

Prezident investitsiya, sanoat va eksport uchun masʼul boʻlgan tashkilotlar faoliyati sust ekanligini tanqid qildi.

Eslatib oʻtamiz, Shavkat Mirziyoyev 16-yanvar kuni boʻlib oʻtgan videoselektor vaqtida 2024-yilda YaIM 6 foizga oshirilishini aytib oʻtgandi.