Pullaringizni tayyorlang: 2024-yilda nimalarning narxi qimmatlashadi

eʼlon qilindi
Yangiliklar muharriri
“Kursiv” bu mavzuda “Satori IB Group” kompaniyasi tahlilchisi Ivan Orlov bilan suhbatlashdi
Foto: Roman Fedotov / Kursiv

Inflyatsiyani jilovlash joriy yilning 16-yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan oʻtkazilgan yigʻilishning asosiy mavzusiga aylandi. Davlat rahbarining aytishicha, ushbu masalaga yechim topmasdan turib, mamlakatda kambagʻallik koʻrsatkichini pasaytirish ham, iqtisodiy rivojlanishga erishish ham imkonsiz.

«Kursiv» «Satori IB Group» kompaniyasi tahlilchisi Ivan Orlov bilan joriy yilda nimalarning narxi boshqalariga nisbatan koʻproq oshishi, ushbu jarayonni qanday qilib jilovlash mumkinligi haqida suhbatlashdi.

Inflyatsiya nima boʻladi?

Ekspertning aytishicha, iqtisodiy shok holatlari kuzatilmaydigan boʻlsa, 2024-yilda Oʻzbekistonda inflyatsiya 2023-yil darajasida, 8-9% oraligʻida qoladi.

«2023-yilning oktabr oyida OʻzR Markaziy banki pul-kredit siyosatining nisbatan qat’iy holatini saqlab qolish rejasini e’lon qildi. Bu asosiy stavka yuqoriligicha qolishi (u ayni vaqtda 14%ga teng) va inflyatsiyani jilovlashga yordam berishini anglatadi», – deydi Orlov.

Uy-joy kommunal xizmatlari tariflarini liberallashtirish, aholi va biznesning yuqori inflyatsion kutuvlari, oʻzbekistonliklar daromadining bosqichma-bosqich tarzda oshib borishi inflyatsion bosimning saqlanib qolishiga olib keladi.

«Shu bilan bir vaqtda “Oʻzbekistonda inflyatsiya oshib boryapti», deyish qiyin. Chunki soʻnggi yillarda uning oʻsish surʼatlari pasaymoqda (2018-yildagi 18%dan 2023-yildagi 9%gacha)”, – deydi ekspert.

Dollar bilan nimalar sodir boʻladi?

2023-yilda oʻzbek soʻmining AQSH dollariga nisbatan qadrsizlanishi (10%ga) iste’mol narxlarining oʻsishiga olib keldi.

«2024-yilda bunday sezilarli qadrsizlanish kutilmaydi, boisi avvalgi koʻrsatkichlar yil oxiriga kelib barqaror holatini tiklab olgan Rossiya rublining keskin pasayishi bilan bogʻliq boʻlgan», – deydi «Satori IB Group» tahlilchisi.

Benzin narxi bilan nima bo‘ladi?

O‘zbekistonda oxirgi bir yil ichida benzin narxi o‘rtacha 19%ga qimmatlashgan. Bu yoqilg‘i zaxiralarini shakllantirish va aksiz solig‘ini bir yil davomida bekor qilish bo‘yicha ko‘rsatmalarga qaramay sodir bo‘ldi.

«Yoqilg‘i narxining oshishi 2023-yilning 3-choragida neft narxining oshishi, shuningdek, paydo bo‘layotgan taqchillik va aksiz solig‘ining vaqtinchalik bekor qilinishi haqidagi spekulyatsiyalar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Defitsitni bartaraf etishning ijobiy omili keyinchalik qayta ishlash uchun Rossiyadan qo‘shimcha neft yetkazib berish va benzin yetkazib berish hajmini oshirish bo‘ldi», deb hisoblaydi tahlilchi.

Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, aprel oyida aksiz solig‘i oshirilganidan so‘ng, xususiy yoqilg‘i quyish shoxobchalarida AI-80 benzinining litri 9 ming so‘mga yetishi mumkin edi. Eslatib o‘tamiz, hozirda UNG Petro yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ida AI-80 ning bir litri 6,8 ming so‘m, xususiy yoqilg‘i quyish shoxobchalarida esa 8,8 ming so‘mdan sotilmoqda.

Avvalroq, Energetika vazirligi xususiy yoqilg‘i quyish shoxobchalarida narxlarni ushlab qolish bo‘yicha joriy etilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlarni e’lon qilgan edi. Uchta g‘oya taklif etildi: yoqilg‘ining maksimal narxini belgilash, elektr transport vositalariga o‘tish va gaz quyish shoxobchalari sonini ko‘paytirish.

Tariflar haqida nima deyish mumkin

Narxlari oldin belgilangan yoki subsidiyalangan mahsulotlar va xizmatlar narxi ko‘tariladi va tez orada liberallashtiriladi, deb hisoblaydi Orlov. Bu birinchi navbatda uy-joy kommunal xizmatlariga tegishli.

Biroq, ekspertning ta’kidlashicha, bu barcha toifadagi tovarlarga ta’sir qiladi. Korxonalar uchun tariflarning oshishi hisobiga mahsulot tannarxi oshadi. Korxonalar rentabellikni saqlab qolish uchun narxlarni oshirishga majbur bo‘lishadi.

Ivan Orlov vaqtinchalik tanqislik ehtimolini istisno qilmaydi, bu esa tovarlarning ayrim guruhlari uchun yuqori narxlarga olib kelishi mumkin. Biroq, buni oldindan aniq prognoz qilish qiyin.

Nima qilish kerak

Prezident so‘nggi yig‘ilishda inflyatsiyaga qarshi kurashning asosiy chora-tadbirlaridan biri sifatida ishlab chiqarish hajmini oshirishni belgilab berdi.

Tahlilchining fikricha, bu chora ijobiy natija berishi mumkin. Shu bilan birga, stavkani yuqori darajada ushlab turish va byudjet taqchilligini kamaytirishni davom ettirish muhimdir.

Oxirgi muammoni hal qilish uchun xarajatlar ustidan nazoratni yaxshilash, asossiz subsidiyalar va imtiyozlarni qisqartirish, keng ko’lamli xususiylashtirishni amalga oshirish kerak, deya aniqlik kiritadi Orlov.

Shuningdek