2023-yil uchun O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori tahlili: shartnomalar hajmi va ikkilamchi uy-joy narxlarining o‘sishi
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekistondagi ko‘chmas mulk bozorining 2023-yil uchun so‘nggi sharhini taqdim etdi.
Hisobotda bozordagi ijobiy dinamika qayd etilgan: shartnomalar hajmi 5,7%ga oshdi, ijaraga beriladigan uy-joylar kamaydi, ikkilamchi uy-joy narxlari o‘sishda davom etmoqda. Yil davomida 272,4 mingta uy-joy sotilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilgi 257 mingta shartnomalarning umumiy ko‘rsatkichlaridan ko‘proqdir.
O‘zbekistonda 2023-yilda ko‘chmas mulk bozoridagi shartnomalar hajmining o‘sishi bo‘yicha geografik reytingning yetakchilari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Qashqadaryo viloyati bo‘ldi.
Mamlakatning barcha hududlarida ko‘chmas mulk sotish hajmining o‘sishi ipoteka bozorining rivojlanishi bilan bog‘liq bo‘lib, yil davomida 17%ga o‘sdi.
Shu bilan birga, Toshkentdagi ijaraga beriladigan uy-joy bozorida o‘zgarishlar ro‘y berdi: ijaraning o‘rtacha narxi 10,2%ga pasaydi va bir kvadrat metr uchun 9,2 dollarni tashkil etdi. Poytaxtning barcha tumanlarida ijara narxining pasaygani qayd etildi, ijara uchun eng qimmat tumanlar Shayxontoxur (bir kvadrat metr uchun 11,8 dollar), Yakkasaroy (10,8 dollar) va Mirobod (11,4 dollar), eng arzonlari esa Uchtepa (7,9 dollar ), Sergeli (6,9 dollar) va Bektemirdir (5,7 dollar).
O‘zbekistonda ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorida narxlar yil davomida sezilarli darajada oshdi (17,5%ga). Shu bilan birga, yilning birinchi yarmida o‘rtacha oylik o‘sish 1,8%ni, ikkinchisida esa 1%ni tashkil etdi. Bu o‘sishning sabablaridan biri ikkilamchi ipoteka kreditlashning rivojlanishi bo‘ldi, o‘tgan yil davomida deyarli ikki baravarga ko‘payib, 7,1 trln so‘mni tashkil etdi. Ikkilamchi bozorda uy-joy narxlari eng ko‘p o‘sgani Xorazm – 30,1%, Toshkent – 28,9% va Buxoro viloyatlarida – 24,5%.
O‘zbekistonda, ayniqsa, poytaxt va ayrim viloyatlarda ikkilamchi uy-joy narxlari o‘sishda davom etmoqda. Maʼlumotlarga koʻra, Toshkent shahrida bir kvadrat metrning narxi 1123 dollar, Samarqand viloyatida 714 dollar, Toshkent viloyatida esa 627 dollarni tashkil etadi. Biroq, arzonroq narxlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasida – 314 dollar, Sirdaryo – 348 dollar va Jizzax (380 dollardan) viloyatlarida topish mumkin.
Avvalroq, «Kursiv» O‘zbekistonda kimlar ko‘proq ipoteka krediti olishi haqida yozgan edi.