O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi bilan boradi. 23—25-yanvar kunlari u yerda oliy darajadagi muzokaralar va qator uchrashuvlar o‘tkazadi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.
Muzokaralardan maqsad O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirishdan iborat bo‘ladi.
Mirziyoyev Xitoy viloyatlaridan biriga tashrif buyurishi kutilmoqda. Hokimiyat vakillari bilan uchrashuvlar bilan bir qatorda yirik kompaniyalar va moliya institutlari rahbarlari bilan ham muloqotlar o‘tkazish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Mirziyoyev 2023-yil oktabr oyida Xitoyga tashrif buyurgan edi. So‘ngra «Bir makon, bir yo‘l» forumi va «Inson va tabiatning uyg‘un yashashi yo‘lida Yashil ipak yo‘lini birgalikda barpo etish» mavzusidagi uchrashuvda ishtirok etdi.