Yangiliklar

Oʻzbekistonda bir yil ichida 89 mingta korxona tashkil etildi

Koʻrsatkichlar boʻyicha yetakchilik Toshkent shahriga tegishli
Foto: Unsplash

Oʻzbekistonda 2023-yilning yanvar oyidan dekabr oyiga qadar 88 787 ta korxona tashkil etilgan. Ularning aksariyat qismi oʻz faoliyatini Toshkent shahrida boshlagan. Bu haqida Statistika agentligi maʼlum qildi.

Toshkent shahrida yil davomida 17 mingta korxona ishga tushgan. Yetakchilar qatorida Fargʻona va Samarqand viloyatlari ham qayd etilgan: Fargʻonada bir yilda 8,2 mingta korxona ish boshlagan boʻlsa, Samarqandda bu koʻrsatkich 7,8 mingtani tashkil qilgan.

Viloyatlar orasidagi eng past koʻrsatkich Sirdaryoga tegishli boʻlib turibdi: 2023-yilda bu yerda 2,3 mingta korxona faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

Statistika agentligining maʼlum qilishicha, mazkur koʻrsatkichlar fermer va dehqon xoʻjaliklarini hisobga olmagan holda keltirib oʻtilgan.

Avvalroq, «Kursiv» Toshkent viloyatining yalpi hududiy mahsulot hajmi bir yilda 1,7 foizga oshgani haqida yozgandi.