Shimoliy Koreya suv osti yadro qurolini sinovdan o‘tkazdi
Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (KXDR) o‘zining yangi «Xeil-5-23» suv osti yadro qurolini Koreya Sharqiy dengizi deb ataluvchi suv havzasida sinovdan o‘tkazdi. Bu haqida mamlakatning Markaziy telegraf agentligi ma’lum qildi.
Sinovdan o‘tkazilgan qurolni ishlab chiqarish jarayoni hali to‘liq yakunlanmagan. U bilan KXDR milliy mudofaa akademiyasi qoshidagi suv osti qurol-yarog‘lari tizimi instituti shug‘ullanmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qurol sinovi Yaponiya, Janubiy Koreya va Qo‘shma Shtatlarning «provokatsion harbiy mashg‘ulotlari»ga javob tariqasida o‘tkazilgan.
«KXDR qurolli kuchlari hech qachon chuqur mulohaza qilmagan holda harbiy-konfrontal vaziyatga yo‘l qo‘ymaydi, o‘z kuchidan mas’uliyat, qat’iyat va jasorat bilan foydalanib, dushmanlarni qo‘rqitadi va kuch-qudrati ila davlat xavfsizligi va mintaqadagi tinchlikni ishonchli himoya qiladi», – deydi Mudofaa vazirligining rasmiy vakili.
Avvalroq, «Kursiv» Shimoliy Koreya qattiq yog‘ilg‘i va boshqariladigan kallakli ballistik raketani sinovdan o‘tkazgani haqida yozgandi.