Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi savdo aylanmasi 8 barobarga oʻsdi
Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi savdo-sotiq aylanmasi 6 yil ichida 8 barobarga – 1,3 milliard dollarga oʻsdi. Bu haqida Oʻzbekistonning Oʻsh shahridagi Bosh konsuli Zafarbek Ahmedov va Qirgʻiziston savdo-sanoat palatasi Oʻsh viloyati boʻlimi rahbari Cholponboy Ermekov ishtirokidagi uchrashuv vaqtida maʼlum qilindi.
Ikki mamlakat vakillari joriy koʻrsatkichni kelgusida 2 milliard dollargacha yetkazish maqsad qilinganini aytib oʻtdilar.
Tomonlar uchrashuvda Oʻzbekiston va Qirgʻiziston tadbirkorlari uchun V2V formatida muzokaralar oʻtkazishga kelishib olishgan. Bundan tashqari, Andijon va Oʻsh shaharlariga biznes turlar tashkil etish ham rejalashtirilgan.
Avvalroq, «Kursiv» Oʻzbekiston Qirgʻiziston benzinining eng yirik importyori boʻlgani haqida yozgandi.