Xitoy va Qirgʻiziston chegarasida 7 balli zilzila sodir boʻldi

eʼlon qilindi
Yer silkinishlari Oʻzbekiston va Qozogʻistonda ham sezilgan.
Foto: vchalup2 / www.depositphotos.com

22-yanvar kuni kecha yaqin Xitoy va Qirgʻiziston chegarasida 3 marta zilzila qayd etildi. Silkinishlarning eng kuchlisi 7 ballga teng boʻlgan. Yer osti silkinishlari Oʻzbekiston hududida ham sezilgan. Bu haqida Oʻzbekiston FVV Seysmoprognostik monitoring markazi maʼlum qildi.

Birinchi va eng kuchli silkinish Toshkent vaqti bilan 23:08 da qayd etilgan. U Andijon, Fargʻona, Namangan viloyati, shuningdek Toshkent shahri aholisiga ham sezilgan. Zilzila kuchi 3-4 ballni tashkil etgan.

Qozogʻiston FVV yer silkinishlari Olmaota, Ostona, Shimkent, shuningdek yana bir nechta hududlarda sezilganini maʼlum qilgan. Olmaota shahrida yer qimirlashining sezilish kuchi 5 ballgacha yetgan.

Oradan koʻp oʻtmay, soat 23:42 va 00:36 da Xitoy va Qirgʻiziston chegarasida yana ikkita silkinish kuzatilgan. Ularning magnitudasi 5,7 va 5,8 ballni tashkil qilgan.

Qirgʻiziston qutqaruv xizmatining aniqlik kiritishicha, zilzila oqibatida jabrlanganlar va halok boʻlganlar yoʻq.

Avvalroq, «Kursiv» Jizzax viloyatida sodir boʻlgan zilzila haqida yozgandi.

Shuningdek