Yangiliklar

Navoiy KMKning barcha foydasini davlat o‘ziga oldi

15,4 trln so‘m divident sifatida to‘landi
Foto: NKMK

Oʻzbekistonning eng yirik soliq toʻlovchisi Navoiy kon-metallurgiya kombinati (NKMK) 2022-yil uchun barcha daromadlari – qariyb 15,4 trln soʻm (1,37 mlrd dollar) dividendlar toʻlashga yoʻnaltirilishini maʼlum qildi.

Bu 2022-yilda olingan foydaning 100 foizini tashkil qiladi. Ushbu davrdagi daromadlar 56,6 trln so‘mdan (5 mlrd dollar) ortiq, foyda marjasi va EBITDA mos ravishda 27,2 foiz va 30,9 trln so‘mni (2,7 mlrd dollar) tashkil etdi.

2022-yil uchun XMHS (IFRS) hisobotiga ko‘ra, NKMK 1,2 mlrd dollar sof foyda va 5,1 mlrd dollar tushum oldi. Shuningdek, davlat NKMK‘dagi 2 foiz ulushini «Xalq IPO» doirasida sotishni rejalashtirmoqda.

Eslatib oʻtamiz, davlat kompaniyaning asosiy aksiyadori boʻlib, NKMKdan olinadigan dividendlar Oʻzbekiston byudjeti daromadlarining salmoqli qismini tashkil qiladi. O‘tgan yilgi byudjetga ko‘ra, Olmaliq va Navoiy kon-metallurgiya kombinatlaridan byudjetga 25,5 trillion so‘m tushishi kerak edi.

NKMK dunyodagi eng yirik oltin ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanadi.

Avvalroq, «Kursiv» O’zbekistonning qaysi aksiyalari investorlarga dividend olib kelganligi haqida xabar bergan edi.