Xitoy va Qirgʻiziston hududida yana bir nechta zilzila qayd etildi
Xitoy va Qirgʻiziston hududida yana bir nechta yangi yer silkinishlari qayd etildi. Bu haqida Yevropa-Oʻrtayer dengizi seysmologiya markazi maʼlum qildi.
4,7 balli zilzila Toshkent vaqti bilan 6:35 da Xitoyning Shinjon hududida qayd etilgan. Oradan koʻp vaqt oʻtmay hududda 4,5 va 4,7 balli takroriy silkinishlar kuzatilgan.
Soat 7:39 da Qirgʻizistonda qayd etilgan zilzilaning sezilish kuchi 4,3 ballni tashkil qilgan. Uning epitsentri Bishkek shahridan 156 km uzoqlikda joylashgan.
Eslatib oʻtamiz, 23-yanvar kuni Qirgʻiziston-Xitoy chegarasida 7 magnitudagacha boʻlgan yer silkinishlari qayd etilgan edi. Ularni Oʻzbekiston va Qozogʻiston aholisi ham sezishgan.
Avvalroq, «Kursiv» 23-yanvar kuni qozogʻistonlik seysmologlar yana 4 ta yer silkinishini qayd etganlari haqida yozgandi.