Yevropa Markaziy Osiyo bilan yangidan doʻstlashmoqchi
Joriy yilning 17-yanvar kuni Strasburgda Yevroparlament koʻp sonli ovoz bilan YeIning Markaziy Osiyo mamlakatlariga nisbatan strategiyasini qaytadan koʻrib chiqish boʻyicha rezolyutsiyani qabul qildi. Ushbu hujjat Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston bilan Yevropa oʻrtasidagi hamkorlik tarixida yangi sahifa ochilishiga sabab boʻladimi? «Kursiv» shu mavzusida ekspertlar bilan suhbatlashdi.
Til topishish vaqti keldi
Rezolyutsiya Rossiyaning Ukraina hududiga bostirib kirishi, Afgʻonistonda hokimiyat toliblar qoʻliga oʻtishi, Xitoyning taʼsir doirasi kengayib borishi va mintaqadagi beqarorlik kuchayishi fonida Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashni nazarda tutadi.
Mualliflar fikriga koʻra, sanab oʻtilgan muammolar YeIning Markaziy Osiyo davlatlariga nisbatan strategiyasini qaytadan, toʻliq koʻrib chiqish va YeIning mintaqadagi ishtirokini «avtokratik aktorlarga raqib sifatida» oshirishni talab qiladi.
Yevroparlament Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan yangi hamkorlik aloqalarini Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik kelishuvi (KSHHK) asosida oʻrnatishni rejalashtirgan. Bunday kelishuv hozircha faqatgina Qozogʻiston va YeI oʻrtasida mavjud, xolos.
Mintaqadagi boshqa davlatlar ichida munosabatlarning ushbu formatiga eng yaqin kelgani Oʻzbekiston boʻlib turibdi, u 2022-yilning iyul oyida KSHHKga oid dastlabki kelishuvga erishgan edi.
Qirgʻiziston bilan kelishuv masalasidagi ishlar 2019-yil boshlangan, Qirgʻiziston Respublikasi rezolyutsiyada mintaqadagi eng demokratik mamlakat sifatida qayd etilgan boʻlsa ham, bitim bugungi kunga qadar imzolanmagan. Tojikiston bilan muzokaralar 2021-yilda boshlangan.
Yevroparlament vakillari Oʻzbekiston va Qirgʻiziston Respublikasini kelishuvni tezroq imzolashga, Tojikistonni esa muzokaralarni tezlashtirishga chaqirmoqda. Ularning fikricha, ushbu jarayonning kechiktirib yuborilishi YeI ning global oʻyinchi sifatidagi obroʻsiga putur yetkazadi.
Yaxshi, biroq aniq emas
«Bunday rezolyutsiyaning qabul qilinishi Yevropa va mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi munosabatlar uchun ijobiy siljish hisoblanadi», – deydi siyosatshunos, Markaziy Osiyo mamlakatlari boʻyicha mutaxassis Galiya Ibragimova.
Shu bilan birga Bryussel Markaziy Osiyo ularning manfaatlaridan tashqaridagi hudud emasligi, uning muhim pozitsiyaga oʻtayotganiga ishora qilmoqda. Yevroittifoq va umuman olganda gʻarb dunyosi soʻnggi yillarda mintaqaga unchalik katta qiziqish bildirmagani, hududga Rossiya va Xitoyning taʼsiri katta ekanligini hisobga oladigan boʻlsak, bu ijobiy oʻzgarish”, – deydi Ibragimova.
«Rezolyusiya Markaziy Osiyo mamlakatlarining YeI bilan uzviy hamkorligiga taʼsir qilmaydi. Uni “hamma yaxshi narsalar uchun va yomon narsalarning barchasiga qarshi» toifasidagi hujjat deyish mumkin”, – taʼkidlaydi Markaziy Osiyo muammolari boʻyicha mutaxassis Grigoriy Mixaylov.
Shu bilan birga rezolyutsiya Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi muhit oʻzgarib borayotgan bir vaqtda vaziyatdan foydalanishga, turli yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlar sonini oshirish harakatlariga ishona qiladi.
«Kutilmagan voqealar roʻy bermasa, yaqin yillar ichida Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Oʻzbekistonga sarmoyalar jalb qilishga oid kelishuvlar soni ortadi. Sarmoyadorlar roʻyxati katta boʻladi – ular Xitoy, Rossiya, YeI mamlakatlari, Buyuk Britaniya, Qatar, BAA, Janubiy Koreya va boshqa davlatlardan boʻlishi mumkin», – deydi ekspert.
Galiya Ibragimovaning aytishicha, bu yerdagi asosiy masala – Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilarining Yevroittifoq rezolyutsiyasiga amal qilishga tayyor yoki tayyor emasliklari bilan bogʻliq.
«Albatta, ular buni eʼtiborga olib qoʻyishadi, ammo gʻarb davlatlari tomonidan qabul qilingan konsepsiyalar va strategiyalarga amal qilishlari dargumon. Rossiya, Xitoy va maʼlum darajada Turkiya ular uchun asosiy hamkorlar boʻlib qolaveradi», – deydi Ibragimova.
Yoʻlaklar va odamlar
Yevroparlamentning Markaziy Osiy rezolyutsiyasida YeIning mintaqadagi strategik ustuvor yoʻnalishlari sifatida xavfsizlik va transport yoʻlaklari, energiya manbalari va resurslarni diversifikatsiya qilish masalalari koʻrsatilgan. «YeI Rossiyani chetlab oʻtgan holda Yevropa va Osiyo oʻrtasida samarali savdo-sotiq va energiya yoʻlaklarini rivojlantirishdan manfaatdor», – deyiladi hujjatda.
«Ukrainadagi urush mintaqaning energiya resurslarini yetkazib berishdagi ahamiyatini har qachongidan ham oshirdi. Bu yerda gap asosan Qozogʻiston va Turkmaniston haqida bormoqda», – deydi Galiya Ibragimova.
Grigoriy Mixaylovning aytishicha, Qizil dengizda yuzaga kelgan logistika bilan bogʻliq uzilishlar fonida Transkaspiy xalqaro transport yoʻlagining ahamiyati yanada ortishi, bu esa uni rivojlantirishga yirik sarmoya kiritishni talab qilishi mumkin. Biroq ekspert XXR va Gʻarb davlatlari oʻrtasidagi munosabatlar yomonlashadigan boʻlsa, ushbu yoʻnalish rivoji soʻroq ostida qolishi mumkinligini unutmaslikka chaqiradi.
«TXTYning roli Xitoy-YeI yoʻnalishidagi yuklar tranzitini taʼminlab berishdan iborat. Agar munosabatlar yomonlashishda davom etsa, AQSH YeI bilan birga Xitoyga nisbatan sanksiyalar qoʻllaydigan boʻlsa, TXTY boʻylab yuk aylanmasi hajmi keskin kamayishi, uning rivojlanishi uchun sarf etilgan sarmoya yoʻqotilishi mumkin», – deydi ekspert.
Galiya Ibragimova YeIning Markaziy Osiyodan koʻzlagan ehtimoliy maqsadlaridan yana biri – insonlar salohiyati boʻlishi mumkinligini taʼkidlaydi. Uning aytishicha, bugungi kunda oʻzbekistonlik muhojirlar oqimining Yevropa bozoriga kirib borish yoʻnalishi oʻzgarmoqda, bu esa Yevroittifoq mamlakatlarini mintaqaga koʻz tikishga undaydi.
Qadriyatlardan manfaatlargacha
Garchi rezolyutsiya Markaziy Osiyodagi siyosiy rejimlarni inson huquq va erkinliklari poymol etilayotgani uchun tanqid qilishdan chetda qolmagan bo‘lsa-da, u vazminlik xususiyatiga ega edi. Parlament a’zolari hatto O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv, mustaqil sud tizimi, inson huquqlari va asosiy erkinliklarini hurmat qilish sohalarida e’lon qilingan islohotlarni olqishlaydi.
Galiya Ibragimovaning soʻzlariga koʻra, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyoga munosabati demokratik qadriyatlarni ilgari surishga asoslangan yondashuvdan iqtisodiy va siyosiy manfaatlarga asoslangan moddiy yondashuvga oʻzgargan.
Rezolyutsiya yangi munosabatlar o‘rnatilishini mintaqadagi demokratlashtirish jarayonlariga bog‘liq qilib qo‘ymaydi. Yevroparlament deputatlari bu ma’noda istisno qilgan yagona Markaziy Osiyo davlati Turkmaniston bo‘lib, u hatto Yevropa Ittifoqi bilan doimiy sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimga (HTB) ham ega emas.
Yevropa Ittifoqi Turkmaniston bilan shartnomani 1998 yilda imzolagan, biroq Yevroparlament inson huquqlarining buzilishidan xavotirlanib, uni ratifikatsiya qilmagan. Hujjatda aytilishicha, kelishuvning yoʻqligi «ikki tomonlama hamkorlik imkoniyatlarini» cheklab qoʻygan boʻlsa-da, kelishuvni ratifikatsiya qilish mamlakatning demokratiya va inson huquqlari sohasidagi taraqqiyotiga bogʻliq boʻladi.