Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) O‘zbekiston uchun besh yil muddatga strategiyasini tasdiqladi.
Xususan, moliya tashkiloti mamlakatimizni suv va energetika resurslari kabi sohalarda qo‘llab-quvvatlash niyatida.
Shuningdek, bank xususiy sektorni rivojlantirish, inklyuzivlik va raqamlashtirishga yordam beradi. Boshqa tashabbuslar qatoriga iqtisodiy boshqaruv va biznes muhitini yaxshilash kiradi.
Shu bilan birga, YTTB uchun birinchi bosqichda O‘zbekistonda «yashil» energetikani mustahkamlash va metan chiqindilarini kamaytirish ustuvor yo‘nalish bo‘ladi.
Keyingi bosqichda bank O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytiradi. Boshqa tashabbuslar qatoriga davlat banklari va korxonalarida boshqaruvni modernizatsiya qilish, ularni xususiylashtirishga ko‘maklashish kiradi.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yilda YTTB O‘zR’da qiymati 700 mLn yevrodan ortiq loyihalarni moliyalashtirgan. Shunday qilib, mamlakatimiz Markaziy Osiyo davlatlari orasida ketma-ket to‘rtinchi yil bankdan asosiy yordam oluvchi bo‘lib qolmoqda.
Avvalroq, «Kursiv» YTTB O‘zbekistonga ayollar biznesini rivojlantirishda yordam berishini e’lon qilgan edi.