Toshkent xalqaro aeroportida mehmonxona ochildi
Aeroportning uchish terminalida 240 kv.metrli hududda 24 ta kichik xonadan iborat mehmonxona ish boshladi.
Xonalar «Art-bazar» majmuasi yonidagi terminalning kutish hududida joylashgan. Ikki qavatli mehmonxonada 24 ta xona, dush va sanuzel mavjud. Mehmonxona interyeri o‘zbekistonlik rassom Bobur Ismoilov loyihasiga binoan sharqona uslubda ishlangan.
«Xonalar bir kishilik karavot, zaruriy vositalarning ixcham to‘plami – tunchiroq, ko‘zgu, kiyim ilgichlar, yuklar uchun tokchalar va kichik stol bilan jihozlangan. Mehmonxona transfer vaqtida yo‘lovchilarga aeroportdan tashqariga chiqmagan va tranzit hududini tark etmagan holda bir necha soat hordiq chiqarib olishga imkon beradi», – deyiladi «Uzbekistan Airports» xabarida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ushbu mehmonxona E-auksion.uz elektron platformasi orqali ijara huquqi asosida xususiy kompaniya boshqaruviga berilgan edi. Mehmonxona «Khamsa Hotel» brendi ostida faoliyat yuritadi. Bitta xonaga joylashish narxi bu yerda bo‘lish vaqti va xona toifasiga qarab 30 dollardan 150 dollargacha etib belgilangan.
Avvalroq, «Kursiv» noyabr oyida Toshkent aeroportida yo‘lovchilarni kutib oluvchilar uchun maxsus pavilon ochilgani haqida yozgandi. Kelgusida bu yerda kafe va gul do‘koni faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.