Transport vaziriga hayfsan eʼlon qilindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Transport vaziri Ilhom Mahkamovga hayfsan berdi. Shu bilan birga, uning birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov, IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i Olim Saidov va «Toshshahartransxizmat» AJ raisi Anvar Jo‘rayevga ham hayfsan eʼlon qilindi.
Mansabdorlarga oxirgi ogohlantirish berildi. Bu haqida prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov maʼlum qildi.
Prezident raisligida bo‘lib o‘tayotgan uy-joy, qurilish, kommunal xo‘jaligi, transport va ekologiya sohalarida amalga oshirilgan ishlar va ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilishda tizimda 3 ta vazirlik va idora, 3 ta inspeksiya, 5 ta kompaniya va ko‘p sonli masʼullar borligiga qaramay, xalq ushbu sohadan norozi ekanligi taʼkidlandi.
Prezident ichimlik suvi tannarxini kamaytirish, mahalliy aviareyslarni ko‘paytirish, qurilish sohasida zamonaviy standartlarini joriy etish, shahardagi tirbandliklarni kamaytirish, jamoat transporti bilan bog‘liq kamchiliklarni sanab o‘tdi. Shuningdek, mutasaddilarni qoniqarsiz ish uchun tanqid qildi.