O‘zbekiston korrupsiya bo‘yicha xalqaro reytingida 121-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston Transparency International tashkilotining 2023-yil uchun korrupsiya indeksida (CPI) 180 mamlakat ichida 121-o‘rinni egalladi. Yil davomida mamlakatimiz besh pog‘onaga ko‘tarildi.
O‘tgan yil yakuniga ko‘ra O‘zbekiston 100 balldan 33 ball to‘plagan edi. 2022-yilda respublika 31 ball olgan edi.
Transparency International O‘zbekiston Respublikasida ko‘plab korrupsioner amaldorlarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilganini ta’kidladi. Hukumat shuningdek, turli vazirliklar va mahalliy hokimiyat organlarida yanada samarali ichki nazorat va audit vositalarini joriy qildi.
«Ammo avtoritar tuzum oshkoralik va demokratiya tamoyillarini joriy etishga, qonun chiqaruvchi va davlat institutlari ustidan nazoratni amalga oshirishga, norozi odamlarni ta’qib qilishda adliya tizimidan foydalanishga urinishlarga qarshilik qilmoqda. Bu korrupsiyani kuchaytirib, keng qamrovli islohotlar zarurligini ko‘rsatadi», — deyiladi tashkilot hisobotida.
Markaziy Osiyo davlatlari orasida Qozog‘iston eng yaxshi natijani qayd etgan – 93-o‘rin, Qirg‘iziston – 141, Tojikiston – 162-o‘rin. Turkmaniston mintaqada eng yomon ko’rsatkichga ega, bu mamlakat 170-o’rinni egalladi.
Reytingda Daniya ko‘p yillardan beri birinchi o‘rinni egallab kelmoqda, Finlyandiya ikkinchi, Yangi Zelandiya uchinchi o‘rinda.
O‘tgan yil oxirida eng korrupsiyali davlatlar Suriya, Venesuela va Somali edi.
Avvalroq, «Kursiv» 2023-yil noyabrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi farmonni imzolagani haqida xabar bergan edi.