Yangiliklar

IT Park xizmatlar eksportini 2,4 barobarga oshirdi

Ko'rsatkichning o'sishiga eksportga yo'naltirilgan rezident kompaniyalar sonining ko'payishi hisobiga erishildi
Foto: Prezident matbuot- xizmati

IT Park Uzbekistan IT Park 2024: Achievements & Vision mavzusidagi tadbirda 2023-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini taqdim etdi.

2023-yilda IT-Park rezidentlari tomonidan eksport hajmi $344 mlnga yetdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 2,4 baravar ko‘p ($140 mln edi).

Ko’rsatkichning o’sishiga eksportga yo’naltirilgan rezident kompaniyalar sonining ko’payishi hisobiga erishildi. 2023-yil yakuniga ko‘ra, bunday kompaniyalar soni 551 tani tashkil etdi, bu o‘tgan davrga nisbatan 1,5 barobar ko‘pdir. 2023-yil oxiriga kelib IT Park rezidentlari soni 1652 ta kompaniyani tashkil etdi, ulardan 523 tasi Oʻzbekiston viloyatlarida, 1129 tasi esa Toshkentda roʻyxatga olingan.

Qayd etilishicha, asosiy eksport mamlakatlari AQSH (44% – $151 mln), Buyuk Britaniya va YeI davlatlari (24% – $82,5 mln), MDH davlatlari (20% yoki $69 mln), Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari (20% yoki $69 mln) boʻlgan.

Qizig‘i shundaki, IT Park rezident kompaniyalari tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlarning umumiy hajmi 2023-yilda 12,5 trln so’mni tashkil etdi, bu o’tgan yilga nisbatan (5,1 trln soʻm) 2,4 barobar ko’pdir.

Bu o‘sish mamlakatda ish o‘rinlari va IT-mutaxassislar sonining ko‘payishiga ham yordam bermoqda. 2024-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, rezident korxonalarda 26 mingdan ortiq kishi ish bilan ta’minlangan.

Bundan tashqari, IT Park 2024: Achievements & Vision mavzusidagi tadbirda mahalliy kompaniyalarni xalqaro maydonda qo‘llab-quvvatlash va xorijiy kompaniyalarni O‘zbekistonga jalb etishga e’tiborini kuchaytirayotgani ma’lum qilindi. IT-kompaniyalarning eksport salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan reja va qo‘llab-quvvatlash dasturlari taqdim etilib, kelgusi yil uchun asosiy maqsadlar belgilab olindi.

IT Park 5 mlrd dollarlik IT xizmatlari eksportiga erishish va 2030-yilga borib rivojlangan mintaqaviy IT-xabni yaratish boʻyicha oʻzining ulkan maqsadlari sari bormoqda.

Avvalroq, «Kursiv» IT Park rezidentlari 2023-yilning yanvar-sentabr oylarida xizmatlar eksportini uch baravar oshirganini e’lon qilgan edi.