Yangiliklar

O‘zbekiston muftiysi Musulmon oqsoqollari kengashiga a’zo bo‘ldi

Tashkilot 2014-yilda tashkil etilgan
Foto: O‘zbekiston musulmonlar idorasi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Musulmon oqsoqollari kengashiga a’zo bo‘ldi, deb xabar berdi «Dunyo» axborot agentligi.

Bu haqdagi qarorni kengash raisi, Al-Azhar imom-xatibi, doktor Ahmad At-Toyyib qabul qildi.

«O’zining boy tarixi, rang-barang merosi va chuqur intellektual, madaniy va diniy ta’sirga ega bo’lgan merosi bilan Markaziy Osiyoda Musulmon oqsoqollar kengashining roli va faoliyatini oshirish maqsadida shayx Nuriddin Xoliqnazarov bilan hamkorlik qilishni sabrsizlik bilan kutyapmiz»— dedi Kengash bosh kotibi Muhammad Abdulsalom.

Shuningdek, u hamkorlik dinlararo muloqot, bag‘rikenglik, jamiyatda tinchlik va totuvlikni mustahkamlashga qaratilganini qo‘shimcha qildi.

Musulmon oqsoqollari kengashi 2014-yilda tuzilgan va mustaqil xalqaro tashkilot hisoblanadi. U olimlar, diniy-ma’rifiy soha vakillarini birlashtirgan.

Kengash faoliyatining ustuvor yo‘nalishi umuminsoniy qadriyatlarni, shuningdek, musulmon va musulmon bo‘lmagan jamoalarda bag‘rikenglikni targ‘ib qilish va mustahkamlashdan iborat.

Avvalroq, «Kursiv» Nuriddin Xoliqnazarov soqol va kiyim haqida bahslashmasdan, ilm bilan shug‘ullanishga chaqirayotgani haqida e’lon qilgan edi.