«Oʻzenergoinjiniring» kompaniyasi xitoylik hamkasblari bilan Oʻzbekistonda institut va korxona ochish boʻyicha kelishuvga erishishdi, deb xabar qildi mamlakatimiz Energetika vazirligi.
Xitoyning elektr energetikasida rejalashtirish va injiniring instituti (EPPEI) bilan hamkorlikda O‘zbekistonda energetikani rivojlantirish rejalarini ishlab chiqadigan korxona tashkil etiladi. Shuningdek, tuzilma xodimlarni o‘qitadi, maslahatlar beradi va injiniring tadqiqotlarini olib boradi.
Bundan tashqari, «O‘zenergoinjiniring» va «Energy China International» hamkorlikda ta’lim muassasasi tashkil etiladi. Uning negizida xorijlik professor-o‘qituvchilar elektroenergetika va yangi texnologiyalar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydi. Muassasa xalqaro akkreditatsiyadan o‘tishi kutilmoqda. Loyiha qiymati $30 mln baholanmoqda.
Avvalroq, Qatarning Al Mirqab Capital kompaniyasi O‘zbekistonda energetika loyihalarini, jumladan, Samarqand yaqinida va Qoraqalpog‘istonda elektr stansiyalarini qurish loyihalarini amalga oshirayotgani xabar qilingan edi.
Eslatib o‘tamiz, Xitoy kompaniyasi O‘zbekiston poytaxtida beshta quyosh elektr stansiyasini yaratishga $714 mln sarmoya kiritmoqchi.