Argentina politsiyasi Kongress oldida prezident Xaver Mileyning iqtisodiy islohotlariga qarshi norozilik bildirgan namoyishchilarni rezina o‘qlardan otdi, deb xabar bermoqda Buenos Aires Herald.
Namoyishchilarga qarshi rezina o‘qlardan tashqari suv purkagichlar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ham qo‘llangan. Nafaqat namoyishchilar, balki jurnalistlar va deputatlar ham hujumga uchradi. Bosqin paytida 25 dan ortiq ommaviy axborot vositalari xodimlari jarohatlanishgan.
Crisis jurnali fotomuxbiri, 50 yoshli Martin Vega ikkita rezina o‘qdan yaralangan.
«Namoyishchilarning hech biri (tahr.) yo‘lni to‘sishga yoki kimnidir haqorat qilishga urinishmadi», — dedi Vega. Uning so‘zlariga ko‘ra, namoyish politsiya odamlarga qarata o‘q uzguncha tinchgina davom etgan.
«(Politsiya – tahr.) ko‘rganiga qarab hammasiga qarata o‘q uzishni boshladi. Ular ko‘p odamlarga qarata o‘q uzgan, birining boshiga tekkan», — dedi jurnalist. Uning qo‘shimcha qilishicha, u mitingda bir nechta yosh bolalarni ko‘rgan.
Namoyishchilar ikkinchi kun ketma-ket ko‘chalarga chiqdi. Ular yangi prezidentning islohotlariga qarshi. Voqealar Kongressda davlat rahbariga qonun chiqaruvchi vakolatlar berish bo‘yicha bahslar fonida rivojlanmoqda.
Miley 2023-yil noyabrida Argentina prezidenti etib saylangan. Bir oy o‘tgach, u 300 dan ortiq iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Ular orasida davlat kompaniyalarini xususiylashtirishga to‘sqinlik qiluvchi qoidalarning bekor qilinishi va kvartiralarni uch yildan ortiq muddatga ijaraga berishni taqiqlash ham bor.