O‘zbekistonda turistlar ko‘proq pul sarflashni boshladi
Markaziy bank tahliliga ko‘ra, 2023-yilda O‘zbekistonga kelgan sayyohlar soni 27 foizga oshib, 6,6 mln kishiga yetdi. Har bir turistning o‘rtacha xarajatlari 5 foizga oshib, $323 tashkil etdi.
«O‘sib borayotgan turistik oqim iqtisodiy o‘sishga ijobiy taʼsir ko‘rsatib, xizmatlar sohasi ko‘lami kengayishi, bandlikni oshishi, xizmatlar xilmaxilligi va sifati oshib borishiga turtki beradi», – deya xulosa qildi Markaziy bank.
Turistlarning asosiy oqimi (79 foiz) Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikistondan kelgan. Qo‘shni davlatlardan aksariyat turistlarning kelishi sababi qarindoshlarini yo‘qlash, davolanish, ta’lim olish va savdo bilan shug‘ullanish.
Xizmatlar eksportining umumiy hajmida turizm xizmatlari ulushi 41 foizni tashkil etib, $2,1 mlrd tashkil etdi. Iste’mol tovarlari, ayniqsa, oziq-ovqat va transport xizmatlari ko‘rsatish hajmini oshirish kelajakda narxlarga yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan inflyatsiya bosimini yumshatishga yordam beradi, deb hisoblaydi Markaziy bank.
Avvalroq, «Kursiv» 2023-yilda Oʻzbekistonga 1,4 mln nafar ziyoratchi tashrif buyurganini e’lon qilgan edi.