«Milliy tiklanish» partiyasi yetakchisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Alisher Qodirov Alisher Navoiy haykalidagi diskotekadan g‘azablandi.
«Bunday to‘da bazmni Navoiy haykali poyida o‘tkazilishi – ma’naviy jinoyat ekanligiga shubha yo‘q, amaldagi qonunchilikka ko‘ra ma’muriy huquqbuzarlikdir!»— deb yozdi deputat o‘zining Telegram-kanalida.
Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, bunday harakatlar Ma’muriy javobgarlik kodeksining 64-moddasi (Moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish qoidalarini buzish) bilan bog‘liq. Buning uchun fuqarolar 30 dan 50 tagacha (17 mln so‘mgacha), mansabdor shaxslar esa 50 dan 100 baravargacha (34 milliongacha) jarimaga tortilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 9-fevral shoir Alisher Navoiy tavallud kuni munosabati bilan O‘zbekiston va boshqa mamlakatlarda tantanali tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Avvalroq, «Kursiv» Alisher Qodirov O‘zbekistonda rus tilidan foydalanishni kamaytirishga chaqirganini e’lon qilgan edi.