Yangiliklar

Google, Apple va boshqa gigantlardan O‘zbekiston byudjetiga qancha pul tushdi

Umumiy summaning 90foizdan ortig‘i 10 ta eng yirik kompaniyadan tushadi
Foto: rozelt / depositphotos.com

2023-yilda IT-sohadagi xorijiy kompaniyalar O‘zbekiston byudjetiga qariyb 70 mlrd so‘m soliq kiritdi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga tayanib, «O‘zbekiston 24» telekanali xabar berdi.

Umumiy summaning 90% dan ortig‘i 10 ta eng yirik kompaniyadan tushadi. Kuchli uchlikka Meta (26,4 mlrd so‘m), Google (20,3 mlrd) va Apple (12,9 mlrd) kirdi. Keyingi o‘rinlarda Amazon (2,2 mlrd) va Booking.com (1,6 mlrd) turadi.

Kuchli oʻnlikka, shuningdek, Netflix (1,2 mlrd), Xsolla (816 mln), Zoom (763 mln), Yandex (690 mln) va Adobe (437 mln) kirdi.

Avvalroq, «Kursiv» o‘tgan yili O‘zbekiston davlat byudjetiga 165,9 trln so‘m soliq tushganini e’lon qilgan edi. 2022-yilga nisbatan bu miqdor 17,4 trln.