Kanzas-Siti’da noma’lum shaxslar sport paradida o‘t ochishdi
AQShning Kanzas shahrida tinch aholiga hujum uyushtirildi, natijada bir kishi halok bo’ldi, 20 kishi jarohatlandi.
Milliy futbol ligasi Superboul finalida «Kanzas Siti Chifs» jamoasining g‘alabasini nishonlash marosimi bo‘lib o‘tgan Yunion Steyshn yaqinida fuqarolarga qarata otishma boshlandi.
Ushbu tadbirda 1 milliongacha aholi ishtirok etishi mumkin edi.
Shahar politsiyasi boshlig‘i Steysi Gravesning aytishicha, politsiyachilar uch nafar gumonlanuvchini qo‘lga olgan, jabrlanganlar esa shifoxonaga yetkazilgan.
Eslatib o‘tamiz, hafta boshida Nyu-Yorkning Bronks tumanida noma’lum shaxs o‘t ochgani haqida xabar berilgan edi. Natijada bir kishi halok bo‘ldi, yana besh kishi jarohat oldi.
Yanvar oyi boshida 17 yoshli o‘smir Ayova shtati Perri shahridagi maktabda otishma uyushtirgan edi.