Davlat rahbari Andijon viloyatiga tashrifi chogʻida «Asaka tekstil» klasterining toʻqimachilik korxonasi bilan yaqindan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Bu ulkan majmua iqtisodiy kontrastning yorqin misoli. 2016-yilgacha bu yer tashlandiq joy boʻlgan. Keyinchalik bu yerda bosqichma-bosqich yangi binolar qurilib, 2022-yil avgustda ishga tushirildi. Bugungi kunda 83 million dollarlik loyiha evaziga xomashyodan tayyor mahsulotgacha boʻlgan toʻliq «zanjir» tashkil etilgan.
Korxonaga Shveysariya, Italiya, Turkiya, Germaniya, Yaponiyadan uskunalar keltirib oʻrnatilgan. U yiliga 11 ming tonna ip-kalava, 8 ming tonna momiq va trikotaj mato, 12 ming tonna ip va matoni boʻyash, 6 ming tonna tayyor trikotaj va sochiq ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu yerda 3 ming 200 kishi ishlaydi.
Kelgusi yillarda klaster tomonidan Ulugʻnor tumanida 70 ming tonna paxta tolasini qayta ishlash zavodi, tikuv-trikotaj va paypoq ishlab chiqarish korxonasi tashkil qilinishi rejalashtirilgan. Ularda yana 1 ming 600 dan ziyod ish oʻrni ochiladi.
Shu yerda Andijon viloyati misolida paxta-toʻqimachilik sanoatini rivojlantirish konsepsiyasi boʻyicha axborot berildi.
Shuningdek, korxonada ishlayotgan tikuvchi ayollar bilan suhbatlashdi. Ularning ayrimlari oʻz tumanida yuqori maoshli ish paydo boʻlgani uchun mehnat muhojirligidan qaytib kelgan.