AQSh portlarida minglab Porsche, Bentley va Audi avtomobillari musodara qilindi. Avtomobillarning komponent qismlari majburiy mehnat toʻgʻrisidagi qonunni buzganlikda gumon qilinayotgan xitoylik ishlab chiqaruvchi tomonidan tayyorlanganligi aniqlangan.
Avtomobil ishlab chiqaruvchilari ushbu qismlarni almashtirish sababli transport vositalarini yetkazib berishni mart oyigacha kechiktirdi. Avvaliga Volkswagen kompaniyasi bu qismlarning qayerda tayyorlanganligini bilmagan. Kompaniya bundan xabar topgach, darhol AQSh rasmiylariga bu haqda xabar bergan.
Shuningdek, muammo mingga yaqin Porsche sport va yoʻl tanlamas avtomobillari, bir necha yuz Bentley va bir necha ming Audi avtoulovlariga taʼsir qilgan.
Volkswagen oʻzining rasmiy bayonotida kompaniyaning oʻzida ham, taʼminotida ham inson huquqlari buzilishi bilan bogʻliq muammolarni jiddiy qabul qilishini taʼkidladi.
«Biz subpudratchilar haqida maʼlumot olganimizdan soʻng darhol tergov boshladik. Biz faktlarni aniqlab, tegishli choralarni koʻrish niyatidamiz. Tergovlarimiz ushbu ayblovlarni tasdiqlasa, ushbu yetkazib beruvchi bilan munosabatlarimizni toʻxtatishimiz mumkin», — deydi kompaniya oʻz bayonotida.
2021-yilgi uygʻurlarning majburiy mehnatga jalb qilinishining oldini olish toʻgʻrisidagi qonunga muvofiq, AQSh Shinjon va Xitoyning boshqa gʻarbiy mintaqalarida majburiy mehnat yordamida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni import qilishni taqiqlagan. Hozircha ushbu komponent qismlarning Shinjonda ishlab chiqarilganligi tasdiqlanganicha yoʻq.
Avvalroq Xitoy AQShni Tayvandagi saylovlarga aralashmaslikka chaqirgan edi. XXR saylov jarayoni Xitoyning ichki ishi ekanligini taʼkidlagan edi.