Oʻzbekiston va Qozogʻiston hamkorlikda 2024-yilning toʻrtinchi choragida Markaziy Osiyo sanoat kooperatsiyasi markazining qurilishini boshlaydi. Bu haqda Qozogʻiston Savdo va integratsiya vazirligi matbuot xizmati maʼlum qildi.
Qozogʻistonning TCL gr. kompaniyasi loyihaning asosiy investori sifatida tanlangan. Markaz «Guliston» va «Otamakon» nazorat punktlari hududida joylashtiriladi.
Bundan tashqari, TCL gr. hamda Oʻzbekistonning «Global Textile» kompaniyasi hamkorlikda markazda toʻqimachilik korxonasini ham ishga tushiradi.
Sanoat zonasining ishga tushirilishi 2026-yilning oktyabr-dekabr oylarida, ochilishi esa 2027-yilning yanvar-iyun oylarida boʻlishi rejalashtirilgan.
Eslatib oʻtamiz, Toshkent va Ostona markazni tashkil etish boʻyicha kelishuvni 2023-yil noyabrida imzolagan edi. Uning negizida toʻqimachilik, oziq-ovqat va boshqa sohalarda 60 dan ortiq loyihalar ishga tushirilishi kutilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekiston va Qozogʻiston savdo toʻsiqlarini olib tashlash niyatida ekanligi haqda yozgan edi.