Oʻzbekistonda 1-oktabrdan boshlab ijtimoiy kartalar ishga tushiriladi
Oʻzbekistonda 1-oktabrdan boshlab aholiga koʻrsatiladigan barcha ijtimoiy yordamlar «ijtimoiy karta» orqali amalga oshiriladi. Bu haqda Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev maʼlum qildi.
«Saxovat va koʻmak», «Ayollar», «Yoshlar» daftarlari jamgʻarmalari, keyinchalik bosqichma-bosqich 74 turdagi ijtimoiy nafaqa va yordamlar oʻtkaziladi.
Bundan tashqari, ijtimoiy karta egalari transport va kommunal xizmatlar uchun toʻlovlarni amalga oshirishda imtiyozlardan foydalanishlari mumkin boʻladi.
Shuningdek, davlat rahbari nogironlarga yordam berish haqida ham gapirdi. Prezidentning soʻzlariga koʻra, ayrim hokimlar bu muammoni eʼtiborsiz qoldirmoqda.
Davlat rahbari nogironligi boʻlgan shaxslarni ishga olgan korxona va tashkilotlar uchun bir qator imtiyozlar yaratilgan boʻlishiga qaramasdan 500 mingdan ortiq korxona va tashkilotdan bor-yoʻgʻi 43 ming tasida nogironligi boʻlgan shaxslar ishga qabul qilinganini ham taʼkidladi.
«Maktablar, professional taʼlim muassasalarida sharoit yoʻqligi uchun 70 foiz ota-onalar nogironligi bor farzandlarini yashash joyidan uzoq maxsus maktab-internatiga joylashtirishga majbur. Aslida ota-onasi, doʻstlari va mahalladan uzoqlashish har qanday bola uchun katta psixologik zarba», — dedi Prezident.
Avvalroq oʻzbekistonlik nafaqaxoʻrlar avtomatik tarzda sanatoriyga navbatga qoʻyilishi haqida xabar bergan edik.