Bugun, 20-fevral kuni soat 08:00 atrofida Olmaliq shahridagi sanoat zonasida qurilayotgan 3- misni boyitish fabrikasida avariya yuz berdi, deb xabar berdi OKMK matbuot-xizmati.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, temir konstruksiyalar qor yog‘ishi tufayli qulab tushgan. Natijada 32 hindistonlik ishchilar jarohat olishdi. Uch kishi halok bo‘ldi, 29 nafari turli darajadagi tan jarohatlari olib, kasalxonaga yotqizildi.
Biroz vaqt o‘tib, OKMK matbuot-xizmati ma’lumotni o‘zgartirdi. Xabarga ko‘ra, kuchli qor yog‘ishi va shamol natijasida «Enter Engineering» korxonasi sexidagi vaqtinchalik inshootning tomi qulab tushgan va fojiaga olib kelgan. Hindistonlik uch ishchi voqea joyida halok bo‘ldi, 29 kishi turli tan jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizildi. To‘rt nafariga shifoxonada zarur tibbiy yordam ko‘rsatilib javob berilgan.
Avvalroq, «Kursiv» Andijondagi ko‘p qavatli uylardan birida gaz portlashi oqibatida bir kishi halok bo‘lgani haqida yozgan edi.