Bloger Abror Muxtor Aliy ozodlikka chiqdi
eʼlon qilindi
Oldinroq unga nisbatdan 15 sutkaga maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan edi
Oʻzbekistonda Abror Muxtor Aliy nomi bilan tanilgan diniy bloger Abror Abduazimov ozodlikka chiqdi. Bu haqda «Kursiv»ga ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati maʼlum qildi.
8-fevral kuni u huquq-tartibot xodimlarining talablariga boʻysunmagani uchun 15 sutkaga qamoqqa olingani xabar qilingan edi. Abduazimovdan tashqari uning tanishi Xusrav Nasrullayev ham qamoqqa olingan.
Ular Shayxontohur tumani hokimligida baqir-chaqir qilib janjal koʻtargan. Voqea joyiga huquq-tartibot idoralari xodimlari yetib kelgan, Nasrullayev va Abduazimov ularning talablarini bajarishdan bosh tortgan.
Natijada ular qoʻlga olinib, 340 ming soʻm jarima va 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan edi.