Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ishchilar ustidagi tom qulashi bo‘yicha O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 257-moddasi («Mehnat xavfsizligi qoidalarini buzish») bilan jinoiy ish qo‘zg‘atildi, dedi mamlakat Bosh prokuraturasi matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov.
Voqea 20-fevral kuni sodir bo‘lgan. Metall konstruksiyalar yog‘gan qor og‘irligiga bardosh bera olmay, yerga qulagan.
Oqibatda 29 nafar ishchi tan jarohati olishdi, yana uch kishi voqea joyida halok bo‘lishdi. Qurbonlarning barchasi Hindiston fuqarolari.
257-moddaga ko‘ra, aybdor deb topilgan shaxs bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.