Markaziy bank o‘tkazgan inflyatsiya kutilmalari bo‘yicha tadqiqotga ko‘ra, aholining 12 oylik inflyatsion kutilmalari o‘tgan oyga nisbatan biroz sekinlashib, 13,1 foizni tashkil etdi.
Respondentlarning 55 foizi valyuta kurslarining o‘zgarishi tufayli narxlar oshishini aytgan. Respondentlarning 49 foizi o‘sish yonilg‘i va elektr energiyasi narxi oshishi bilan bog‘liq bo‘lishini aytgan. 32 foizi ish haqi va nafaqalarning oshishi omil bo’ladi, deb hisoblaydi.
Viloyatlar orasida inflyatsion kutilmalarining eng yuqori ko‘rsatkichi poytaxtda – 14,9 foiz, sezilmas darajada pastroq Samarqand viloyati – 14,7 foiz. Uchinchi o‘rinda Buxoro viloyati – 14,4 foiz. So‘ngi o‘rindan joy olgan viloyat Andijon – 10,4 foiz.
Tadbirkorlik subyektlarining kelgusi 12 oylik inflyatsion kutilmalari oʻtgan oyga nisbatan pasayib, 12,7 foizga teng boʻldi.
Fuqarolar misolida boʻlgani kabi tadbirkorlik subʼyektlari ham valyuta kurslarining oʻzgarishi, yoqilgʻi-energetika mahsulotlari narxining oshishi, shuningdek, ish haqi va pensiyalar oshishini narxlarning kelajakdagi oʻsishini taʼminlovchi omillar qatoriga kiritdi.
Tadbirkorlik subyektlarining eng yuqori inflyatsion kutilmalari Samarqand viloyati (17,1%) va Toshkent shahrida (14,7%) kuzatilgan boʻlsa, eng past kutilmalar Xorazm (10,6%) va Buxoro (10,3%) viloyatlarida faoliyat olib boradigan tarbirkorlar tomonidan qayd etildi.
Fuqarolar va tadbirkorlardan farqli o’laroq, Markaziy bank inflyatsiya bo’yicha ko’proq ijobiy umidlarga ega. Regulyator dekabr oyi oxirigacha narxlarning 8-9 foizga oshishini prognoz qilmoqda.
Avvalroq, «Kursiv» O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi pasayganini e’lon qilgan edi.