Yangiliklar

Yevropa Ittifoqi Oʻzbekistonning yana bir kompaniyasini sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi

Kompaniya allaqachon Britaniya va AQShda qora ro'yxatga kiritilgan
Foto: Foto-VDW/Depositphotos

Yevropa Ittifoqi rasmiy jurnalida keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonning Mvizion kompaniyasi sanksiyalar roʻyxatiga kiritilgan.

Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reestriga koʻra, kompaniya 2022-yil iyun oyida roʻyxatga olingan. Korxonaning ustav kapitali 1 mln soʻmni tashkil qiladi. Kompaniyaning yagona taʼsischisi esa Igor Ivlev.

Mvizion elektron va telekommunikatsiya uskunalari ulgurji savdosi bilan shugʻullanadi.

Oʻtgan yilning yozda Bryussel Oʻzbekistonning ikki kompaniyasi – Alfa Beta Creative va GFK Logistics Asiani qora roʻyxatga kiritgan edi.

Eslatib oʻtamiz, Mvizion 2023-yildan beri Buyuk Britaniya va AQShning sanksiyalari roʻyxatida.

Avvalroq «Kursiv» Amerika rasmiylari asli oʻzbekistonlik Maksim Zagornov va Polar Star Logistics kompaniyasining mamlakatimizdagi vakolatxonasiga nisbatan sanksiyalar qoʻygani haqida maʼlum qilgan edi.